Ko‘pchilik ortga qaraganida hayotini buzgan bitta kunni topishga harakat qiladi. “Hammasi o‘sha kuni boshlandi”, deydi. Balki o‘sha kuni katta qarz olgandir. Ishidan ketgandir. Kimnidir ranjitib qo‘ygandir. Yoki juda noto‘g‘ri bir qaror qilgandir.
Lekin ko‘pincha hammasi o‘sha kuni boshlanmagan bo‘ladi. O‘sha kuni oldindan yig‘ilib kelgan muammolar birdan yuzaga chiqib qoladi.
Minus bir kunda paydo bo‘lmaydi. Avval bir kichik qulaylik bilan boshlanadi. Keyin yana bittasi. So‘ng “hozircha mayli” degan gap paydo bo‘ladi. Keyin esa odam o‘zi ham sezmagan holda, vaqtincha qilgan qarorlari bilan doimiy hayot qurib qo‘yadi.
Masalan, bir marta ortiqcha pul ishlatish muammo emasdek tuyuladi. Hamma ham ba’zan o‘zini xursand qilishni xohlaydi. Bir marta to‘lovni kechiktirish ham dunyoning oxiri emasdek ko‘rinadi. Keyingi oy yopaman, deysiz. Bir marta muhim qo‘ng‘iroqqa javob bermaslik ham hech narsa qilmaydigandek. Bugun kayfiyat yo‘q, ertaga gaplashaman, deysiz.
Bu gaplarning har biri alohida qaralganda mantiqli eshitiladi. Muammo ham shunda. Minusning ko‘p qismi yomon niyat bilan boshlanmaydi. U oddiy va tushunarli bahonalar bilan boshlanadi.
Inson o‘zini katta xatolardan ehtiyot qiladi. U firibgarlik qilmaslik kerakligini, behuda janjal qilmaslik kerakligini, juda katta qarz olib yuborish xavfli ekanini biladi. Lekin kichik qarorlar unga xavfli tuyulmaydi. Chunki ular hozircha hayotni buzmaydi. Hozircha hech kim bilmaydi. Hozircha oqibatlari ko‘rinmaydi.