Noldan emas, minusdan
1-bob

Kirish. Hamma ham noldan boshlamaydi

Sahifa: 1 / 5873 ta so‘z

“Noldan boshladim” degan gap chiroyli eshitiladi. Unda umid bor. Inson hech narsasiz bo‘lgan, harakat qilgan va nimagadir erishgan. Biz bunday hikoyalarni yaxshi ko‘ramiz. Chunki ularning oxiri ko‘pincha aniq: mehnat qildim, tavakkal qildim, uddaladim.

Lekin hamma ham noldan boshlamaydi.

Ba’zi odamlar qarz bilan uyg‘onadi. Ba’zilar bir necha oy yoki yillar oldin qilgan qarorlarining badalini bugun to'lab yuradi. Kimdadir ishonch kamaygan bo‘ladi: yaqinlarining, hamkorlarining yoki o‘zining ishonchi. Kimdir xato qilganini biladi, lekin uni qanday tuzatishni bilmaydi. Yana kimdir tashqaridan odatdagidek ko‘rinadi, ichida esa hamma narsa ostin-ustun bo'layotgan bo'ladi. 

Bunday paytda “katta maqsad qo‘y”, “ko‘proq harakat qil”, “million haqida o‘yla” degan maslahatlar ba’zan g'alati eshitiladi, huddi imkoni yo'q narsalardek. Chunki odamning oldida hozir boshqa savol turadi: avval shu vaziyatdan qanday chiqaman?

Minusdagi odam uchun nol kichik maqsad emas. Nol — nafas rostlash. Nol — ortiqcha bosim kamaygan joy. Nol — har kuni bir xil qo‘rquv bilan uyg‘onmaslik. Nol — nihoyat oldinga qarash mumkin bo‘ladigan nuqta.

Shuning uchun bu kitob sizga tez boyish yo‘lini va’da qilmaydi. U sizga muammolarni qanday hal qilishni ham o'rgatadi deya olmayman. Bu yerda chiroyli muvaffaqiyat hikoyalari kam bo‘ladi. Buning o‘rniga, minus qanday paydo bo‘lishi, nega uni vaqtida sezmay qolishimiz va undan chiqish nimadan boshlanishi haqida gaplashamiz.

1/5
Bob sizga qanday taassurot qoldirdi?Reaksiyangizni bildiring

Bob yuzasidan fikrlar

«Kirish. Hamma ham noldan boshlamaydi» bobi bo‘yicha kitobxonlar munozarasi (0)

Fikr bildirish va boshqa kitobxonlar bilan munozara qilish uchun tizimga kiring.

Kirish yoki ro‘yxatdan o‘tish
Izohlar yuklanmoqda...